O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ahli ummatning millati bir!

 
 

Bugungi kunda butun yer yuzida barcha mamlakat fuqarolari ekstremizm va terrorizmni nima ekanini to‘g‘ri anglab oldi desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Bu mavzu borasida juda ko‘p maqolalar yozildi. Uning paydo bo‘lgan, xuruj qilgan davrigacha ma'lumotlar yetarli. Bu ikki atamaning oldiga “diniy” so‘zini (aslida din niqobida) qo‘yib nomlanishi Ali va Muoviya (Alloh ulardan rozi bo‘lsin) o‘rtasidaga kelushuv, tahkim voqeasidan sung, Ali roziyallohu anhuning qo‘shinidan unga qarshi ajralib chiqqan Xavorijlarga bog‘lanishi tarixda muhrlanib qoldi.

Xavorijlarning dastlabki vakillari sahroviy arablar bo‘lib, ilm-ma'rifatdan yiroq, lekin o‘zlarini dinda taqvodor hisoblaydigan shaxslar bo‘lgan. Ularning ilmlari chegaralanganligi sababli, o‘zlariga yoqqan narsaga yopishib olib, boshqa narsalarni rad etar va boshqalarni nuqsonda ayblar edilar. Ular begunoh musulmonlarning qonini to‘kib, yo‘lto‘sarlik qilib, Alloh harom qilgan narsalarni o‘zlariga halol hisoblashgan edilar.

Ana shunday shaxslardan biri Abdurahmon ibn Muljam 661 yilda  Hazrati Ali roziyallohu anhuni yarador qilib o‘ldirdi. Keyingi davrda Xavorijlar umaviylar va abbosiylar xalifaligiga ham qarshi urush olib bordi va juda ko‘p musulmonlarning o‘limiga sabab bo‘ldi.

IX asrning oxiri X asrning boshiga kelib, musulmonlarning hayoliga, aqliga kelmagan irhob-terror vujudga keldi. Bu yangi paydo bo‘lgan toifaning harakati  Xavorijlardan ham o‘tib tushdi. Iroqda fors majusiylaridan Hamadon al-Ash'as Shia mazhabining Ismoiliya yo‘nalishi bo‘yicha «Al-Qaromita» (Qirmitiylar) deb atalgan diniy-siyosiy harakatga asos soldi. Bu harakat vakillari o‘zlariga ergashmagan boshqa mazhablar tarafdorlarini o‘ldirish siyosatini olib bordi. 908 melodiy —  317 hijriy sanada qirmitiylar Islom dunyosida misli ko‘rilmagan jinoyatga qo‘l urishdi. Ularning boshlig‘i Abu Tohir 600 otliq va 900 piyoda bilan Muqaddas Makka shahriga kirib qatl va talonchilik o‘tkazdi. Hajarul asvad va Ka'badagi boshqa muqaddas narsalarni talashdi. Makka amiri hajarul asvadning evaziga mamlakatdagi bor boylikni berish taklifini qilish uchun Qirmitiylarning oldiga borganlarida, Amir  bilan kelgan ahli va askarlarini juda ko‘pini o‘ldirdi. Shom va Iroq musulmonlari ulardan qo‘rqqanidan haj safariga chiqishmay qo‘ydilar. Hajarul asvadni 22 yil davomida o‘zlarida saqlab, 339 hijriy sanada Fatimiy hukmdori Mansur hukmi bilan Makkaga, baytullohga qaytarib, o‘z o‘rniga qo‘ydilar.

Terror — din, millat, elat va chegara bilmaydi. Bu ishni sodir etganlar — eng vahshiy, madaniyatsiz va insoniy xislatlarini yo‘qotgan ashaddiy jinoyatchilardir.

Muqaddas Islom dinini niqob qilib olgan ekstremistik va terroristik harakatlar yuqorida zikr etilgan “diniy” so‘zining (aslida din niqobida) paydo bo‘lishini mustahkamladi. Bunday oqim va harakatlar diniy mutaassiblikka asoslangan bo‘lib, diniy ta'limotlarga ko‘r-ko‘rona qattiq kirishib olish natijasida yuzaga keladi va ko‘pincha muayyan siyosat va iqtisodiy manfaatlarni ta'minlash maqsadida amalga oshiriladi.

Har-bir davr va zamonda islom ulamolari bu illatga qarshi kurashgan va ularni dindan adashganligini  Qur'on va hadis orqali isbotlaganlar. Butun bashariyatni qisqagina yashash muddatida ularga berilgan ilohiy ko‘rsatmagina ularni tinch va osoyishta hayot kechirishini kafolatini beradi. Faqatgina o‘sha ko‘rsatmalarni kishilar kamtarona holda, samimiyat bilan qabul qilsalar yetarli. Muqaddas islom dinini bandalar o‘zlariga murakkablashtirmasliklari, unga xolis yondoshmog‘i lozimdir. Kimlarningdir havoyi nafslari uchun yoki ko‘rsatmalariga xizmat bo‘lib qolmasligi kerak. Alloh taoloning kalomidan misol keltiramiz. “Allohga va uning Rasuliga itoat qiling. O‘zaro nizo qilmang, u holda tushkunlikka uchraysiz va kuch quvvatingiz ketadi. Va sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir”. (Anfol 46). Ushbu oyati karimada Alloh taolo bandalarni ijtimoiy hayotning barcha sohalarida nizoga bormaslikka chaqirmoqda. Shunday ekan, musulmonlar masala tortishmasdan tinglashni, quloq tutishni yaxshi o‘rganib olishlari zarurdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir a'robiy Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: ”Ey Allohning rasuli! Meni bir amalga yo‘llab qo‘yingki, agar uni qilsam, jannatga kirayin”, dedi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohga biror narsani sherik qilmasdan ibodat qilasan, farz namozlarini o‘qiysan, farz qilingan zakotni ado etasan va ramazon oyi  ro‘zasini tutasan”, dedilar. Shunda u kishi: “Jonim Uning qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, bu aytilgan narsalardan oshirib ham, kamaytirib ham yubormayman”, dedi. U kishi orqasiga qaytib ketganida, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimni jannat ahlidan bo‘lgan kishiga qarash xursand qilsa, mana bu kishiga nazar solsin”, dedilar. Imom Muslim rivoyati. Demak, buyurilgan narsalardan oshirib ham, kamaytirib ham yubormasdan, ba'zisini tutib, ba'zisini tark qilinmasa hech-bir nizo kelib chiqmas ekan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Ey qavm! Sizdan oldingi ummatlar shundoq qilib, anbiyolariga ixtilof qilishlari bilan, kitobning ba'zisini ba'zisiga urishlari bilan zalolatga ketganlar. Qur'onning ba'zisini ba'zisiga urmanglar! Qur'onning ba'zisi ba'zisini tasdiqlab nozil bo‘lgandir. Undan bilgan narsalaringizga amal qiling. O‘xshash bo‘lib qolganiga iymon keltiring” -deganlar. (Imom Ahmad rivoyat qilgan).

Alloh taolo bu borada shunday marhamat qiladi: “…Yoki kitobning ba'zisiga iymon keltirib, ba'zisiga kufr keltirasizmi?! Sizlardan o‘shani qilganlarning jazosi bu dunyoda faqat rasvo bo‘lishlikdir, qiyomat kuni esa, eng shiddatli azobga qaytarilurlar. Alloh qilayotganlaringizdan g‘ofil emas”. (Baqara 85). Ushbu oyati karima madinada yashab turgan Avs va Xazraj qavmida yashovchi Banu Qaynuqo, Banu Nazr va Banu Qurayza yahudiylari to‘g‘risida nozil qilingan bo‘lib, Avs va Xazraj qabilalari orasida urush boshlansa, yahudiy qabilalari o‘z ittifoqdoshi tomonida turib jang qilar edi. Shunda yahudiy yahudiyni o‘ldirar, uyidan chiqarib mollarini talon-taroj qilar, urush to‘xtaganidan so‘ng mag‘lub bo‘lgan tomonning asirlarini tavrot buyurgan deb tavon to‘lab ozod qilardilar. Vaholanki tavrot bir-birini qonini to‘kishdan qaytargan edi. O‘zlarining havoyi nafslariga to‘g‘ri kelganini qilib, to‘g‘ri kelmaganini tark qilgan qavmning adashgani bayon qilinmoqda.

Bugungi paytdagi ziddiyotlar, ixtiloflar qur'on va xadisni har kim o‘z fikri bilan ba'zisini olib, yana ba'zisini tark qilib ta'vil qilayotgandadir. Qarama-qarshi ixtilofga bormasdan, bir-biriga zulm qilish bo‘lmasa narsaninig turida ixtilof qilgan ikki tarafni ham Qur'oni karim madh qilgan. “Sizning xurmoni kesishingiz yoki aslida tik qoldirganingiz faqat, Allohning izni bilan va buzg‘unchilarni xorlash uchun bo‘ldi”. (Xashr 5). Ushbu oyati karima g‘azotlardan birida, musulmonlar dushmanga panoh bo‘lib turgan xurmolarni kesish yoki kesmaslik haqida ixtilof qildilar. Ba'zilari kesdilar. Ba'zilari kesmadilar. Orada kim to‘g‘ri qildiyu, kim noto‘g‘ri qildi, degan savol paydo bo‘lganida nozil bo‘lgan. “Dovud bilan Sulaymonning ekinzor haqida hukm qilayotganini esla. O‘shanda u ekinzorga qavmning qo‘yi kechasi tarqalib ketgan edi. Biz ularning hukmiga shohid bo‘lgan edik. Bas, Biz uni Sulaymonga fahmlatdik. Ularning har biriga hukmni va ilmni bergan edik…” (Anbiyo 78,79). Davud alayhissalom qo‘ylarni ekinzor egasiga berilishiga hukm chiqardi. Qaytib ketayotgan qo‘y egasi Sulaymon alayhisalomni ko‘rib qolib, bo‘lgan hodisani unga aytib berdi. Shunda Sulaymon alayhissalom otasi Davud alayhissalom xuzurlariga kirib: “Ey Allohning nabiyi, hukm siz chiqargan hukmdek bo‘lmasligi kerak edi”, dedilar. “Qanday bo‘lishi kerak edi”, dedilar. Sulaymon alayhissalom: “Qo‘yni ekinzor egasiga bering, u foydalanib tursin. Ekinzorni esa qo‘y egasiga bering, uni tuzatib asl holiga qaytarsin. So‘ngra har kim o‘z narsasini qaytarib oladi”, dedilar. Shunda Davud alayhissalom: “Hukm sen chiqargan hukm”,  dedilar.

Ikki taraf biri ikkinchisining ham haqda ekaninni bilsa, insof qilsa, bu xilof — qarama-qarshi xilofga aylanib ketmaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Biz qadar haqida tortishib turganimizda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam g‘azablanib, yuzlaridan anor donasi bo‘rtib chiqqan  holda chiqib keldilar va:

 “Shunga amr qilinganmisizlar?! Yoki sizlarga shuning uchun yuborilganmanmi?! Sizlardan oldingi qavm shu ishda tortishganligi sababli halok bo‘ldi. Bu ishda tortishmasliklaringizni qaror qilaman”, dedilar. (Termiziy rivoyat qilgan). Yana boshqa rivoyatda: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni o‘z sahobalari oldiga, ular qadar haqida xusumat qilib turganlarida chiqib qoldilar. Unisi bir oyatni keltirsa, bunisi boshqa oyatni keltirar edi. Shunda. U zot xuddi yuzlaridan anor donasi bo‘rtib chiqqan holga keldilar va: Shunga amr qilinganmisizlar?! Shunga vakil qilinganmisizlar?! Allohning kitobining ba'zisini ba'zisiga urishga-ya?! O‘zingizga amr qilingan narsaga nazar qilingda, unga ergashing. Qaytarilgan narsangizdan qayting, dedilar. (Ibn Moja va Termiziy rivoyat qilganlar). Xullas, nizo va tortishuvlar, ziddiyotlar, ixtiloflar qur'on va xadisni har kim o‘z fikri bilan ba'zisini olib, yana ba'zisini tark qilib ta'vil qilishliklar yangi va yangi oqim va firqalarni paydo bo‘lishiga sabab bo‘lib qolmasin!

 Xayrulloh Sattarov, O‘MI Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari 


Kiritilgan vaqti: 07/07/2020 09:34;   Ko‘rilganligi: 1106
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/ahli-ummatning-millati-bir
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 20:08
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing