O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad Moturidiy (vaf. 333/944 y.)

 
 

Abu Nasr Iyodiydan so‘ngra Dorul Juzjoniyaning rahbarligiga uning eng yaxshi ko‘rgan va eng muvaffaqiyatli shogirdi Abu Mansur Moturidiy tayinlandi[1]. Garchi u joyda Abu Ahmad Iyodiy ham bosh ustoz vazifasida ishlagan bo‘lsa-da, Abu Ahmadning rahbarligi davrida ham maktabning asl ustozi doim Moturidiy bo‘ldi. Zero, Abu Nasr shahid bo‘lganida Abu Ahmad hali yosh bola va tahsilini tugatmagan edi[2]. Moturidiy esa tahsilini tugatib, umrining oxiriga qadar u yerda dars bergan edi[3]. Ustozining muhabbati va e'tiborini qozongan shogirdi – Moturidiy kelmaguncha ustozi Abu Nasr darsni boshlamas, uzoqdan uning kelayotganini ko‘rib, uni maqtay boshlardi[4].

Ibn Yahyo keltirgan ma'lumotlarga ko‘ra, Abu Nasrdan so‘ng Dorul Juzjoniyada Moturidiy dars bera boshladi. Ammo u dars berishda davom etarkan, Abu Nasr Iyodiy (vaf. 275/888 y.)ning o‘g‘li Abu Ahmad Iyodiy asirlikdan qutulib, Samarqandga qaytgani va otasi shahid bo‘lmasidan oldin markaz rahbarligiga o‘zini tavsiya etgani haqida gapiradi. Shundan so‘ng shayx, imom Abu Mansur Muhammad ibn Muhammad Moturidiy, Hakim Samarqandiy (vaf. 342/954) va boshqa olimlar Dorul Juzjoniyada to‘planishib, ustozlariga bo‘lgan hurmat yuzasidan Abu Ahmad Iyodiyni otasining maqomiga o‘tqazdilar va unga hurmat bajo keltirdilar. O‘z tahsilini Moturidiydan olishni boshlab, u yerdagi olimlarda davom ettirgan Abu Ahmad Iyodiy qisqa fursat ichida faqihlik martabasiga erishdi. Bu orada markaz rahbarligiga rasman keltirilgan Abu Ahmad Dorul Juzjoniyaning amaldagi bosh ustozi vazifasida bo‘lgan Abu Mansur Moturidiyni o‘z ustozi sifatida ko‘rar va uni juda hurmat qilardi. Chunki Moturidiy o‘z davrining ilm-ma'rifat, zakovat, taqvo va mazhablarni yaxshi tahlil qilish borasida eng oldingi safda turgan olim edi[5].

Abu Mansur Moturidiy bu markazda umrining oxirigacha ko‘plab talabalarga dars berdi[6]. Darhaqiqat, Moturidiy Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy (vaf. 350/961 y.) kabi shogirdlariga Imom Muhammad Shayboniyning “al-Mabsut”ini o‘qitarkan, yuz yoshga yaqin umr ko‘rib, vafot etdi[7].

Imom Moturidiyning fikrlari Abul Hasan Ali ibn Said Rustufag‘niy, Abu Salama Samarqandiy (vaf. taxm. 340/952 y.) va Ibn Yahyo kabi olimlar tomonidan davom ettirildi[8]. Bu uch kishidan biri Rustufag‘niy[9]Moturidiyning shogirdidir. Qolgan ikki kishi esa undan ta'lim olgan ikki mashhur olimning shogirdlaridir. Abu Salama[10] Abu Ahmadning, Ibn Yahyo[11] esa Rustufag‘niyning shogirdlaridir. Bu shaxslar Moturidiy kabi xalq orasida oddiy hayot kechirishib, fikrlashda esa ta'vil va aqldan foydalanish kerakligini yoqlaydilar. Shu sababli Rustufag‘niy, Abu Salama va Ibn Yahyo Moturidiyning ilk vakillari (izdoshlari) hisoblanishadi[12].

Abu Mansur Moturidiy vafotidan so‘ngra Rustufag‘niy va Abdulkarim ibn Muso ibn Iso Pazdaviy (vaf. 390/1000 y.) kabi shogirdlari hamda Abu Salama va Ibn Yahyo kabi shogirdlarining shogirdlari Moturidiyning asarlarini o‘qidilar, o‘qitdilar va ustozlari kabi xalq orasida oddiy hayot kechirirdilar, ta'vilni zarur hisoblab, aql yuritish/ra'yni yoqladilar va himoya qildilar. Ibn Yahyoning “Sharhu jumali usulid din” (Usulid din jumlalari sharhi) asarida keltirgan ma'lumotga ko‘ra, Moturidiydan so‘ng Juzjoniya maktabi faoliyati Rustufag‘niy tomonidan davom ettirilgan[13].

Moturidiyning shogirdlari faqatgina uning fikrlarini o‘rgatibgina qolmasdan, balki uning asarlari va karomatlarini ham boshqalarga yetkazishgan. Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1100 y.)ning “Usulud din” nomli asarida keltirilgan quyidagi ma'lumot ham buni tasdiqlaydi:

“Zohid imom Abu Mansur al-Moturidiy (vaf. 333/944 y.)ning Ahli sunna val jamoa mazhabi asosida yozilgan tavhid ilmiga doir bir kitobini ko‘rib chiqdim. Abu Mansur Moturidiy Ahli sunna val jamoaning raislaridan biri bo‘lgan. Shayx va imom otam hamda zohid bobom menga shayx va imom Abdulkarim ibn Musodan naql qilib, uning karomatlari haqida so‘zlab bergan edi. Zero, bizning bobomiz va mazhabdoshlarimizning kitoblarini hamda shayx imom Abu Mansur Moturidiyning “Kitobut Tavhid” va “Kitobut Ta'vilot”ining ma'nolarini yaxshi o‘zlashtirgan edilar”[14].

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Juzjoniya maktabi vakillari Abu Hanifaning qarashlari va uslublarini o‘z holicha qabul qilib, davom ettirgan  hanafiy mazhabiga mansub kishilardir. Bu maktabning eng muhim va eng mashhur vakili Abu Hanifaning qarashlarini tizimlashtirgan Abu Mansur Moturidiydir.

Otabek MUHAMMADIYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
direktori o‘rinbosari
[1] Ibn Yahyo. Sharh jumali usulid din. v. 162b.
[2] Ibn Yahyo. Sharh jumali usulid din. v. 161a, 161b.
[3] Ibn Yahyo. Sharh jumali usulid din. v. 161b.
[4] Nasafiy. Tabsira. J. I. – B. 359.
[5] Ibn Yahyo. Sharh jumali usulid din. v. 161b, 162a.
[6] Ibn Yahyo. Sharh jumali usulid din. v. 162a.
[7] Ibn Yahyo. Sharh jumali usulid din. v. 162b.
[8] Ibn Yahyo. Sharh jumali usulid din. v. 162a.
[9] Kengroq ma'lumot uchun qarang: Rustufag‘niy. al-As'ila val ajviba. v. 154; Kafaviy. Katoib v.105b.
[10] Nasafiy. Tabsira. J. I. – B. 358; Abu Salama. Jumalu min usudin din. Muhaqqiq muqaddimasi. – B. 5.
[11] Kengroq ma'lumot uchun qarang: Ibn Zakariyo Yahyo ibn Is'hoq. Sharhu jumali usulid din li Abu Salama Samarqandiy. Sulaymoniya kutubxonasi, Shahid Ali Posho bo‘limi, №1648/II, v.161b -163a; Axmet Saim Kilavuz bu asarning muallifi noma'lum degan fikrda. Qiyoslang: Abu Salama Samarqandiy va Aqoid risolasi. Ahmet Saim Kilavuz tahqiqi. Istanbul: 1989. – B. 5; lekin Anke Von Kuegelgen va Ashirbek Mo‘minov asar muallifining Abu Zakariyo Yahyo ibn Is'hoq degan fikrni yoqlashgan. Biz ham shu fikrga qo‘shilgan holda mazkur har ikki asarda ham, Ibn Yahyo ismi zikr etilgani uchun bundan keyin ushbu asar muallifini, Ibn Yahyo, asari esa Sharhu jumali usulid din shaklida keltiramiz. Anke Von Kuegelgen-Ashirbek Mo‘minov. Moturidiy davrida Samarqand ilohiyotchilari. – B. 260.
[12] Ashirbek Mo‘minov-Anke Von Kuegelgen, Moturidiy davrida Samarqand ilohiyotchilari. – B. 266.
[13] Ibn Yahyo. Sharhu jumali usulid din. v. 162a.
[14] Pazdaviy. Usulid din. – B. 3.

Kiritilgan vaqti: 13/08/2020 11:47;   Ko‘rilganligi: 1267
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/abu-mansur-muhammad-ibn-muhammad-moturidiy-vaf-333-944-y
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 08:28
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing