O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Viloyat vakilining huquqiy maqomi
 
 

O‘MIning viloyat bo‘yicha vakili Bosh imom-xatib nomi bilan atalib, u o‘zi istiqomat qiladigan viloyatda diniy masalalar bo‘yicha mas'ul shaxsdir. U viloyatdagi barcha masjidlarning va ziyoratgohlarning umumiy ish faoliyati ustidan nazorat qiladi. Ayni paytda mazkur hududda Islom diniga e'tiqod qiluvchi musulmonlarning Imom A'zam mazhabi bo‘yicha ibodat qilish va marosimlarni o‘tkazish, shuningdek, barcha diniy ehtiyojlarini qondirilishiga hamda viloyatda diniy jabhada olib boriladigan boshqa tashkiliy ishlarga boshchilik qiladi.

Viloyat vakili masjidda ado etiladigan ibodatlar, diniy rasm-rusumlar va marosimlarni mo‘min-musulmonlar har tomonlama qulay sharoitda ado etishlariga javobgar shaxs hisoblanadi. U hududdagi masjid imomini ishdan olish va yangi imomni ishga tayinlash uchun O‘MI rahbariyatiga tavsiyanoma berish huquqiga ega.

Viloyat vakili viloyatdagi kasalxonalar, keksalar va nogironlar uylaridagi, jazoni o‘tash joylaridagi fuqarolarning iltimoslariga ko‘ra o‘sha joylarda ham ibodat va diniy rasm-rusumlarni viloyat hokimiyati bilan kelishgan holda o‘tkazilishiga vositachilik qiladi. Zarurat tug‘ilganda diniy tashkilot binolaridan tashqarida o‘tkaziladigan ommaviy ibodatlar, diniy rasm-rusumlar, marosimlar O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshirilishini o‘z nazorati ostiga oladi.

Viloyat vakili o‘z xududidagi masjidning moliyaviy ishida viloyat muxtasibi bilan bab-barobar javobgardir.

Viloyat vakili joylarda yangidan ochilishi nazarda tutilgan diniy tashkilotning nizomini tasdiqlash uchun O‘MI va DIQ rahbariyatiga yozma ravishda tavsiya beradi

Viloyat vakili masjid imom-xatibining faoliyati davomida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun hamda amaldagi boshqa qonunlarga rioya qilishi, shuningdek, Qur'oni karim, Sunnati Nabaviya va masjid ustaviga muvofiq faoliyat olib borishi uchun mas'uldir.


Kiritilgan vaqti: 15/07/2019 17:36;   Ko‘rilganligi: 75
 
Material manzili: http://sammuslim.uz/oz/about/viloyat-vakilining-huquqiy-maqomi
Chop etilgan vaqti: 24/10/2019 08:17
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing